Ўзбекистон, Тошкент – Batafsil.uz. Kutubxona eng qadimgi madaniy institutlardan biridir. Insoniyat tarixining uzoq davrida uning ijtimoiy funktsiyalari sezilarli o'zgarishlarni boshdan kechirdi. Birinchi kutubxonalarning maqsadi hujjatlarni saqlash bo'lgan. Kutubxona paydo bo'lganidan to hozirgi kungacha kutubxona jamoat missiyasi evolyutsiyasining birinchi bosqichidan o'tgan. Xususan, dastavval, kutubxonalar boshqaruv elitaga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, qeyinchalik jamiyatning ma'naviy ehtiyojlarini qondirish vazifasi bajarib kelingan. Vaqt o‘tishi bilan, Kutubxona axborot va madaniy komponentlarni o'z ichiga olgan va jamiyat ichidagi aloqalar va munosabatlarning barqarorligini ta'minlaydigan ijtimoiy institutga aylandi.
O‘zbekistonda jamiyat hayotida ezgu qadriyat va an'analarni chuqur qaror toptirishga, xususan, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodning ma'naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishda, ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘lgan kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ-3271-sonli qarorida qayd etilganidek, “....Xalqimiz, avvalo, yoshlarning ma'naviy-ma'rifiy, badiiy-estetik talablariga javob beradigan kitoblarni yuksak sifat bilan chop etish, joylarga, ta'lim muassasalariga vaqtida va maqbul narxlarda yetkazish, milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini tarjima qilish, farzandlarimizda bolalikdan boshlab kitob, jumladan, elektron kitob o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish, jamiyatimizda mutolaa madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq muhim masalalarni hal etish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda”. Shunday ekan, globallashuv va raqamlashtirish sharoitida kutubxonalarning asosiy vazifasi va missiyasini ta'kidlab o‘tish joizdir, zero, sivilizatsiyaning bebaho ne'matlarini o‘zida mujassam etgan kitobning inson tarbiyasi va kamolotida tutgan o‘rnini ham aslo unutmasligimiz joizdir.
Xullas, ilmiy ta'rifga ko‘ra, kutubxona- insonlar hamjamiyatining axborot-hordiq – ma'rifiy markazi hisoblanadi.
Kutubxonaning missiyasi - har-bir foydalanuvchiga istalgan axborot resursdan foydalanish uchun sifatli va samarali sharoit yaratishdan iborat. Biroq, shunisi o‘ta muhimki, taqdim etiladigan ma'lumot kishilarning ilmiy va kasbiy faoliyatiga ko‘maklashishi, asrlar davomida qayd etilgan donolik sarchashmalari, boshqalar tajribasi va ezgu g‘oyalariga yo‘l ochishi, madaniy tarbiyaga ko‘maklashishi, madaniyat, ilm-fan va eng yangi texnologiyalardan foydalanishga imkon yaratishi shart.
Kutubxona vazifalariga haqida so‘z yuritganda esa, quyidagi vazifalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.
-
foydalanuvchilarning ta'lim va ilmiy, individual ehtiyojlarini qondiradigan zamonaviy axborot mahsulotlari, xizmatlar va servislarni yaratish va taklif qilish;
-
axborot madaniyatini oshirish, foydalanuvchilarning axborot kompetentsiyalarini rivojlantirish;
-
elektron hujjatlarni preventiv va tiklovchi xarakterdagi chora-tadbirlar majmui orqali mavjud kutubxona fondini saqlash;
-
faoliyatning barcha yo'nalishlarini takomillashtirish bo'yicha ilmiy-tadqiqot, uslubiy ishlarni (tahliliy, tashkiliy, konsaltativ) olib borish;
-
boshqa kutubxonalar bilan ijodiy va konstruktiv munosabatlarni yaratish, kutubxonaning mintaqaviy uslubiy markaz sifatida etakchi mavqeini mustahkamlash;
-
kutubxonani rivojlantirishni ta'minlash, kutubxona mutaxassislarini zamonaviy talablar va professional standartlarga muvofiq o'qitishni rivojlantirish orqali ularning kasbiy saviyasini oshirish;
-
xodimlar va o'quvchilarning ishlashi uchun qulay sharoit yaratish;
-
ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya usuli, o'z-o'zini tarbiyalash va muloqot chegaralarini kengaytirish imkoniyati sifatida aholining ijtimoiy himoyalanmagan qatlamlariga ma'lumot olish uchun sharoit yaratish va boshq.
Yuqorida qayd etilgan vazifalar Buxoro davlat universiteti Axborot-resurs markazida ham amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, ARM 500 ming adabiyot sig‘imiga ega, ARM ning umumiy kitob fondi 61342 nomda, 473055 nusxani tashkil qiladi. ARMda 125 ta o‘ringa ega 4 ta elektron hamda 506 o‘ringa ega 6 ta o‘quv zallari mavjud. ARMda yagona kitobxonlik guvohnomasi bo‘yicha a'zolar soni 23117 nafarni tashkil qiladi. 2023 yilning o‘tgan davrida axborot-kutubxona faoliyatiga oid 30 dan ortiq tadbirlar o‘tkazilgan. Axborot-resurs markazi internet tarmog‘iga ulangan, 5 ta Wi-fi uskunasi o‘rnatilgan, ularning tezligi 300 mb/sekundni tashkil qiladi. Axborot-resurs markazining masofadan turib foydalanish imkoni bo‘lgan elib.buxdu.uz sayti mavjud bo‘lib, unda 622000 dan ziyod elektron resurslar joylashtirilgan. Hozirgi kunda ushbu saytdan foydalanish reytingida Respublika miqiyosidagi kutubxonalar o‘rtasida 2-o‘rinni egallab turibdi. Kunlik davomat o‘rtacha 13 700 gacha, foydalanilgan resurslar soni 20 000tani tashkil qilmoqda.
Ayni paytda Axborot-resurs markazida 11 turdagi bepul xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Elektron kutubxona faoliyatini yaxshilash maqsadida zamonaviy infokiosk, Unibook qurilmasini o‘rnatish hamda RFID texnologiyalarini joriy etish ishlari boshlab yuborilgan. Qolaversa, kitobxonlarni ro‘yxatga olish; ularga kitob berish va qaytarib olish; foydalanuvchilarga kitob va elektron resurslar bilan tezkor xizmat ko‘rsatish; ma'lum mavzu asosida adabiyotlar ro‘yxatini tuzish; Internet tarmog‘idan, mavjud ma'lumotlar bazalaridan foydalanish uchun sharoit yaratish; universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarga UDK klassifikatorini belgilash; Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslaridan o‘zaro foydalanishni ta'minlash; muhim sanalar va shoir, yozuvchi, olimlarning tavallud kunlariga bag‘ishlab ommaviy tadbirlar stsenariysini tuzish va o‘tkazish; o‘lkashunoslik kartotekalarini yuritish;. elib.buxdu.uz. saytiga elektron adabiyotlarni joylashtirish; adabiyotlarni elektron shaklga o‘tkazish.
Yaqin oylar ichida ARM foydalanuvchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, xususan, ARM ichida “O‘qish orqali xordiq chiqarish burchaklari”ni tuzish, adabiyotlarni foydalanishga berishning avtomatlashtirilgan tizimini yo‘lga qo‘yish, qolaversa, ARM xodimlarining malakasini oshirish tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, taniqli yozuvchi va shoirlar bilan yoshlarning uchrashuvlarini tashkil qilish, yaratilajak yangi adabiyotlar taqdimotini o‘tkazib borish, “Eng faol kitobxon-talaba”, “Eng faol kitobxon ustoz” kabi tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish, shu orqali kitobsevarlar sonini oshirish rejalashtirilgan.
A.Kilichev
Buxoro davlat universiteti
Axborot-resurs markazi direktori
Ўзбекистон бўйлаб янгиликлар: Telegram-каналга уланинг
Изоҳлар мавжуд емас